Buyuk Britaniya O‘zbekistonning Raw Materials Cellulose, Gelion Business Trade, Chemistry International hamda Farg‘ona kimyo zavodiga nisbatan sanksiyalar kiritdi.
Britaniya tomoni mazkur kompaniyalarni Ukrainani beqarorlashtirishga yoki uning hududiy yaxlitligi va suverenitetiga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan tovarlar yoki texnologiyalarni yetkazib berishda ayblamoqda. Shu munosabat bilan ularga nisbatan aktivlarni muzlatish choralariga qo‘shimcha ravishda moliyaviy sanksiyalar joriy etilgan.
Shuningdek, Buyuk Britaniya o‘zbekistonlik tadbirkor Rustam Mo‘minovga ham sanksiyalar qo‘lladi. Rasmiy ma’lumotlarda uning Isroil va Rossiya fuqaroligiga ham ega ekani qayd etilgan.
Britaniya hukumati Mo‘minovni moliyaviy xizmatlar va resurslar taqdim etish orqali Ukrainani beqarorlashtirishga hissa qo‘shgan yoki qo‘shayotgan, shuningdek, uning hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligiga zarar yetkazishi yoki tahdid solishi mumkin bo‘lgan faoliyatda ishtirok etganlikda ayblagan.