O‘zbekistonda 2017–2024-yillarda qurilgan hamda hozirda qurilishi davom etayotgan ko‘p qavatli uylarning zilzilabardoshligi o‘rganilmoqda. Bu haqda 2025-yil 10-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan parlament yig‘ilishida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov ma’lum qildi.
Vazirning ta’kidlashicha, binolarning seysmik mustahkamligini ta’minlash va zilzilabardoshligini oshirish bo‘yicha shaharsozlik normalari tasdiqlangan bo‘lib, belgilangan rejalar asosida amaliy ishlar olib borilmoqda. Hukumat farmoyishiga muvofiq, so‘nggi yillarda barpo etilgan hamda qurilishi davom etayotgan ko‘p qavatli uylar bosqichma-bosqich o‘rganilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, hozirga qadar 12 mingga yaqin ko‘p qavatli uylar vizual ko‘rikdan o‘tkazilgan. Natijalarga ko‘ra, obyektlarning 88 foizi seysmik jihatdan mustahkamligi qoniqarli deb topilgan.
Qolgan 12 foiz obyektlarda esa instrumental-texnik tekshiruvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ularning yakunlariga ko‘ra qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilanadi.