O‘zbekistonda joriy yil yakuni bo‘yicha iqtisodiy o‘sish sur’atlari 7–7,5 foiz atrofida shakllanishi prognoz qilinmoqda. Bu haqda Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Markaziy bankning ta’kidlashicha, iqtisodiy faollik yuqori darajada saqlanmoqda va o‘sish sur’atlari iqtisodiyotning potensialidan yuqori shakllanmoqda. Mehnat bozoridagi talabning oshishi, savdo va pullik xizmatlar tushumlari ko‘payishi, banklararo tranzaksiyalar hajmining ortishi bu tendensiyani tasdiqlamoqda.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonning 2024-yil yakunlari bo‘yicha iqtisodiy o‘sishi YIM hisobida 6 foizni tashkil etgandi.
Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, inflyatsiya pasayish tendensiyasiga qaramay, kelgusida taklif omillariga oid bir qator xatarlar saqlanib qolmoqda. Jumladan, ayrim asosiy oziq-ovqat mahsulotlari ta’minoti bilan bog‘liq xavflar, so‘nggi oylarda transport xizmatlari narxlarining oshishi hamda tartibga solinadigan narxlarning indeksatsiyasi bilan bog‘liq ikkilamchi ta’sirlar shular jumlasidandir.
Markaziy bankning qayd etishicha, jahon iqtisodiyotida global moliyaviy sharoitlarning yumshashi fonida o‘sish kutilganidan yuqori sur’atlarda davom etmoqda. Xalqaro xomashyo bozorlarida yuqori narxlarning saqlanib qolishi esa O‘zbekistonning eksport tushumlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Shuningdek, yig‘ilishda milliy valyutadagi jamg‘armalar hajmining oshayotgani ham ma’lum qilindi. Inflyatsiya va inflyatsion kutilmalarning pasayishi real foiz stavkalarining yuqori shakllanishiga xizmat qilayotgani, bu esa milliy valyutada jamg‘arishni rag‘batlantirayotgani qayd etildi. Muddatli depozitlar hajmining yuqori o‘sishi bunga misol sifatida keltirildi.
Biroq chakana kreditlash sur’atlarining yuqori darajada qolishi iste’mol faolligining kuchliligini ko‘rsatib, kelgusida yalpi talab orqali inflyatsion bosimni oshirishi mumkinligi qayd etildi.