Prezident tomonidan davlat xizmatida boshqaruv samaradorligini yanada kuchaytirishga qaratilgan farmon imzolandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan boshlab “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)” maqomidagi 33 ta hudud hokimliklarida tajriba-sinov tariqasida natijaga asoslangan boshqaruv tizimi joriy etiladi.
Unga muvofiq, davlat organlarining maqsadli ko‘rsatkichlari hamda indikatorlari ularga yuklangan vazifalar asosida Boshqaruv samaradorligi agentligi va Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Agentlikning asosiy vazifalari:
-
natijaga asoslangan boshqaruv modelini ishlab chiqish va uning joriy etilishini uslubiy jihatdan muvofiqlashtirish;
-
maqsadli ko‘rsatkichlarga erishilganini “samaradorlik.gov.uz” elektron platformasi orqali baholashni tashkil etish;
-
vazifalarni bajarish va ko‘rsatkichlarga erishishda kadrlar salohiyatini rivojlantirishga ko‘maklashish;
-
davlat fuqarolik xizmati lavozimlarini egallash uchun tanlovlarda zamonaviy yondashuvlarni, zarur hollarda qo‘shimcha bosqichlarni joriy etish.
Farmonda davlat organlarining vazifa va funksiyalari 5 ta darajaga ajratilishi belgilangan:
-
konstitutsiyaviy va milliy;
-
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari;
-
hududiy;
-
tuman va shahar;
-
mahalla (qishloq, ovul) darajasi.
Shuningdek, 2026-yil 1-yanvardan boshlab “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)” maqomidagi hududlardagi davlat organlarida kadrlar rotatsiyasi tizimi joriy qilinadi.
Bunga ko‘ra, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining tuman va shahar bo‘linma rahbarlari, shuningdek hokim va uning o‘rinbosarlari har 5 yilda (qoida tariqasida) Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahri doirasida boshqa tuman yoki shaharga rotatsiya qilinadi.
Rotatsiya qilinadigan rahbarlar “hrm.gov.uz” elektron platformasi orqali tanlanadi. Ular yangi hududga o‘tishdan oldin mahalliy iqtisodiy va ijtimoiy sharoitga oid intensiv o‘quv kursidan o‘tkaziladi. Yangi lavozimdagi ularning faoliyati Agentlik tomonidan elektron platforma orqali doimiy monitoring qilinadi.