Haftalik

Haftalik yangiliklar

“Intellektual mulk muhofazasi” yagona portali ishga tushiriladi

Egrr

O‘zbekiston Adliya vazirligi “Sanoat mulki muhofazasi” va IP Protection axborot portallari negizida yangi “Intellektual mulk muhofazasi” portalini ishga tushiradi. Bu Prezidentning “Intellektual faoliyat natijalarini rag‘batlantirish hamda sohaga zamonaviy AKTni joriy etishni kengaytirish to‘g‘risida”gi qarorida belgilandi.

Yangi portal orqali quyidagi imkoniyatlar yaratiladi:

  • intellektual mulk masalalariga oid murojaatlarni onlayn qabul qilish;

  • intellektual mulk obyektlari bo‘yicha shartnomalarni elektron shaklda tuzish;

  • uslubiy tavsiyalarni joylashtirish va fuqarolar hamda tadbirkorlarning savollariga real vaqt rejimida javob berish;

  • kontrafakt mahsulotlar hamda intellektual mulk huquqlarini buzganligi tufayli faoliyati cheklangan veb-saytlar ro‘yxatini e’lon qilish.

Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-martdan tadbirkorlarning barqarorlik reytingini hisoblashda intellektual mulk sohasidagi huquqbuzarliklar uchun sud tomonidan qo‘llangan choralar reytingni pasaytiradi. Tovar va xizmat ko‘rsatish belgilariga ega bo‘lish esa qo‘shimcha ball beradi.

2026-yildan boshlab har yili “Eng yaxshi ixtiro”, “Eng yaxshi foydali model”, “Eng yaxshi sanoat namunasi”, “Eng yaxshi EHM dasturi va ma’lumotlar bazasi”, shuningdek “Eng yaxshi seleksiya yutug‘i” nominatsiyalari bo‘yicha respublika tanlovi o‘tkaziladi. Har bir nominatsiya bo‘yicha 1-, 2- va 3-o‘rin sovrindorlari mos ravishda BHMning 150 (61,8 mln so‘m), 125 (51,5 mln so‘m) va 100 baravari (41,2 mln so‘m) miqdorida mukofot bilan taqdirlanadi.

Shuningdek, intellektual mulk obyektlarini boshqarish bo‘yicha oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi:

  • 2026/2027 o‘quv yilidan – O‘zbekiston Milliy universitetida;

  • 2029/2030 o‘quv yiligacha — kamida yana 4 ta oliy ta’lim muassasasida.

Qaror bilan “Intellektual mulk sohasini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishoni ta’sis etilishi ham belgilandi.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *