Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumanida Oqtepa kanali bo‘yida mingga yaqin daraxt kesib tashlangani haqida “Zamon” informatsion dasturi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, uzunligi 23 kilometrdan ortiq bo‘lgan kanal suvi vaqtincha to‘xtatilib, betonlashtirish ishlari boshlangan. “Keldon”, “Nebo‘sa”, “O‘roqli”, “Gulzor” va “Mingchinor” mahallalari hududidan o‘tuvchi kanal bo‘yida turli daraxtlar — terak, tol, tut, yong‘oq kabi ko‘chatlar moratoriy talablariga zid ravishda kesilgani aytilmoqda.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi maslahatchisi Rasul Kusherboyevning ta’kidlashicha, respublika bo‘yicha suv tanqisligi kuchaygan bir paytda daraxtlarni kesish oqibatlari yanada jiddiy bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, ba’zi daraxtlar kanal bo‘yida yashovchi aholiga irrigatsiya tizimi xodimlari tomonidan “buyruq bor” degan asos bilan kestirilgani bildirildi. Fuqarolarning aytishicha, kesilgan daraxtlar tanasi ularga qoldirilgan, biroq uning yarim qiymatini tegishli irrigatsiya tizimi boshqarmasiga to‘lash talabi qo‘yilgan.
Holat yuzasidan tegishli tartibda o‘rganish ishlari olib borilmoqda.