O‘zbekistonga jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyoj uchun tovarlarni bojsiz olib kirish tartibi to‘liq qayta ko‘rib chiqiladi. Bu prezidentning 25-noyabrda imzolangan *“Qonunchilikdagi huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish va tartibga solish yukini kamaytirish to‘g‘risida”gi farmonida belgilandi.
Hukumat qaroriga muvofiq, 2025-yil 1-maydan boshlab bojsiz olib kirishning amaldagi normalari quyidagicha edi:
-
havo transportida – 1 000 dollar,
-
temiryo‘l va daryo transportida – 500 dollar,
-
avtomobil va piyoda o‘tkazish punktlarida – 300 dollargacha qiymatdagi tovarlar.
Shuningdek, 20-iyuldan boshlab bojsiz olib kirish imtiyozidan foydalanish uchun fuqarolarning chet elda kamida ikki kun (temiryo‘l va avtomobil punktlari orqali kirishda) va uch kun (aviayollar orqali qaytishda) bo‘lishi talab etilgandi. Aks holda bojsiz norma qo‘llanmay, tovarning to‘liq qiymatidan yagona bojxona to‘lovi undiriladi.
Yangi farmon bilan:
-
amalda dolzarbligini yo‘qotgan 800 ga yaqin normativ-huquqiy hujjat “tartibga solish gilotinasi” orqali bekor qilinadi;
-
tadbirkorlar uchun moliyaviy operatsiyalarni “E-aktiv” tizimida aks ettirish majburiyati bekor qilinadi;
-
ko‘chmas mulkka garov huquqini ro‘yxatga olishda davlat xizmati narxi ikki baravarga kamaytiriladi;
-
yer huquqini o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan sababga ko‘ra rasmiylashtira olmagan nogironligi bo‘lgan shaxslarga soliq imtiyozlaridan foydalanish imkonini beruvchi muqobil tartib joriy etiladi.