Buxoroda 35 ming dollarga simob sotgan ikki shaxs qo‘lga olinib, ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
DXXning Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Milliy gvardiya bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbir davomida Buxoro shahrida yashovchi 1998-yilda tug‘ilgan shaxs hamda Buxoro tumanida istiqomat qiluvchi 1984-yilda tug‘ilgan fuqaro qo‘lga olingan. Ular uch dona flakonda bo‘lgan, jami 343 gramm simob moddasini 35 ming dollarga sotishga uringan paytda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 185-1-moddasi 2-qismi “b”, “v” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Mazkur modda bo‘yicha jinoyat ko‘p miqdorda yoki bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan holatlarda BHMning 150–300 baravari miqdorida jarima, 300–360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
DXX fuqarolarga murojaat qilib, simob va uni o‘z ichiga olgan birikmalarni erkin sotish, sotib olish, saqlash yoki undan maishiy sharoitda foydalanish qat’iyan taqiqlanganini eslatdi. Tashkilotning ta’kidlashicha, simob yuqori darajada zaharli modda hisoblanadi va uning mamlakat hududida erkin aylanishiga ruxsat berilmaydi.