Sog‘liqni saqlash vaziri va Yaponiyaning O‘zbekistondagi yangi tayinlangan elchisi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Yaponiya hukumatining grant dasturi doirasida mamlakatimizga zamonaviy mammografiya apparatlarini yetkazib berish loyihasi taqdim etildi.
Loyiha 2025—2026-yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, 5,7 million AQSH dollari miqdoridagi tibbiy uskunalarni O‘zbekistonga yetkazib berishni nazarda tutadi. Mazkur loyiha grant yordami asosida amalga oshiriladi.
Loyihaning asosiy maqsadi — mamlakatda ayollarda ko‘krak bezi saratonini erta aniqlashga qaratilgan skrining tizimini kengaytirish va aholining ushbu xizmat bilan to‘liq qamrab olinishini ta’minlashdir.
Mammografiya apparatlari respublika bo‘yicha tuman tibbiyot birlashmalariga bosqichma-bosqich yetkaziladi. Tashabbus prezidentning 2024-yil 21-fevraldagi farmonida belgilangan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilmoqda.
Uchrashuv yakunida Yaponiya hukumatining grant dasturi asosida mammografiya apparatlarini yetkazib berish bo‘yicha memorandum imzolandi.