O‘zbekistonda Apple Pay va Google Pay to‘lov tizimlarini ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning AQSHga amaliy tashrifi chog‘idagi uchrashuvlarda ma’lum qilindi.
Davlat rahbari Vashingtonda AQSHning yirik kompaniyalari, investitsiya fondlari va moliya institutlari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda O‘zbekistonda Apple Pay va Google Pay to‘lov tizimlarini joriy etish, shuningdek, Raqamli akademiya hamda startap-hablar tarmog‘ini tashkil etish rejalari muhokama qilindi.
Loyihalarni moliyalashtirish jarayoniga AQSH Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi (DFC) va AQSH Eksimbanki jalb qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda Apple Pay, Google Pay, PayPal, Alipay va UniPay kabi xalqaro onlayn to‘lov tizimlarini joriy etish rejasi 2024-yilda e’lon qilingandi. Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, Markaziy bank hamda Raqamli texnologiyalar vazirligiga mazkur kompaniyalar bilan muzokaralar olib borish, ularni milliy to‘lov tizimlariga integratsiya qilish va zarur hollarda qonunchilikni takomillashtirish topshirilgan.