Namangan shahar hokimi lavozimiga Ayyubxon Kamolov tayinlandi. Bu haqda “Daryo” xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Kamolovning nomzodi Namangan shahar kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ko‘rib chiqilib, tasdiqlangan. U bungacha Markaziy bank raisining o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
Ayyubxon Kamolov Anvarjon Otaxo‘jayev o‘rniga tayinlandi. Sobiq hokim ilgari jinoyat ishi doirasida poraxo‘rlik bilan bog‘liq holatlar sababli qamoqqa olingan edi.
Ma’lumot uchun, Ayyubxon Kamolov 1971-yilda Namangan shahrida tug‘ilgan. U Leningrad qishloq xo‘jaligi instituti hamda Namangan muhandislik-pedagogika institutini tamomlagan.
Kamolov mehnat faoliyatini 1993-yilda Namangan viloyati statistika boshqarmasida boshlagan, so‘ngra bank-moliya tizimida 20 yildan ortiq ishlagan. 2017–2019-yillarda Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasida, 2019–2020-yillarda esa Namangan viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan.
So‘nggi yillarda u Vazirlar Mahkamasi kotibiyatini boshqargan hamda Markaziy bank raisining o‘rinbosari lavozimida ishlagan.