Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubb 2025-yil 29-oktyabr — 1-noyabr kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi.
Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, tashrif doirasida Toshkent shahrida oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Uchrashuvlarda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, xususan siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamda madaniy-gumanitar sohalarda yangi istiqbollarni belgilash masalalari muhokama qilinadi.
Tomonlar o‘zaro savdo hajmini oshirish, qishloq xo‘jaligi, ekologiya, kimyo, energetika, raqamlashtirish, tog‘-kon sanoati kabi innovatsion tarmoqlarda qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlar ishlab chiqishi kutilmoqda. Shuningdek, mehnat migratsiyasi, madaniyat va ta’lim sohalarida ilg‘or tajribalar almashish, yangi texnologiyalarni joriy etish masalalariga ham alohida e’tibor qaratiladi.
Muzokaralar davomida xalqaro ahamiyatga ega dolzarb masalalar, jumladan, ko‘p tomonlama tuzilmalarda o‘zaro qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan ham fikr almashiladi.