O‘zbekistonda 2025-yil sentyabr oyida 7,8 ming dona elektromobil sotildi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahliliga ko‘ra, bu avgust oyiga nisbatan 21,6 foizga ko‘p bo‘lib, mamlakat bo‘yicha rekord ko‘rsatkich sifatida qayd etildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning uchinchi choragida sotilgan yengil elektromobillar soni 20,7 ming donani tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,2 barobar o‘sishni bildiradi. Eng yuqori o‘sish Toshkent shahri, Toshkent va Samarqand viloyatlarida kuzatildi.
Shu bilan birga, sentyabr oyida yengil avtomobillar umumiy savdosi 84,6 ming donani tashkil etib, avgustga nisbatan 6,4 foizga kamaygan. Eng katta pasayish Surxondaryo, Navoiy viloyatlari hamda Toshkent shahrida qayd etilgan, biroq Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida savdo hajmi oshgan.
Birlamchi bozorda yangi yengil avtomobillar savdosi mavsumiy pasayish fonida 15,2 foizga qisqarib, 31,9 ming donani tashkil etdi. Mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobillar ustuvorlikni saqlab qoldi — ularning sotuvi 27,4 ming dona bo‘lib, avvalgi oyga nisbatan 16,1 foizga kamaydi. Xorijda ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar savdosi esa 4,5 ming donani tashkil etib, 8,9 foizga qisqardi.
Ikkilamchi bozor esa barqarorlikni saqlab qoldi: sentyabr oyida 52,6 ming dona avtomobil sotilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich avvalgi oyga nisbatan atigi 0,1 foizga kamdir.