Toshkent shahrida Koreya Eksimbanki bilan hamkorlikda yirik “tibbiyot klasteri” tashkil etiladi. Loyiha doirasida Koreya Respublikasining Iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik jamg‘armasi (EDCF) ishtirokida katta yoshdagilar uchun ko‘p tarmoqli zamonaviy tibbiyot markazi barpo etilishi rejalashtirilgan.
Kuni kecha Sog‘liqni saqlash vaziri va bosh pudratchi sifatida tanlangan “Kyeryong” konsorsiumi rahbari o‘rtasida loyiha bo‘yicha shartnoma imzolandi va qurilish ishlari rasman boshlandi.
Loyihaning umumiy qiymati 149,8 million AQSh dollarini tashkil etadi. Shundan 124 million dollar — Koreya Eksimbanki orqali ajratilgan EDCF kredit mablag‘lari, 25,8 million dollar esa O‘zbekiston ulushi hisoblanadi.
Qurilish yakunlangach, 300 o‘rinli IV darajali shifoxona foydalanishga topshiriladi. Unda 700 nafardan ortiq tibbiyot xodimi uchun yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Shuningdek, loyiha doirasida 130 nafar o‘zbekistonlik tibbiyot xodimi malaka oshirish uchun Koreyaga yuboriladi, 32 nafar koreyalik yuqori malakali mutaxassis esa mamlakatda faoliyat yuritadi.
Yangi markazda yiliga 8,5 mingga yaqin yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari — yurak-qon tomir tizimi, neyroxirurgiya, transplantatsiya, reabilitatsiya va boshqa yo‘nalishlarda operatsiyalar o‘tkazish imkoniyati yaratiladi.