Slovakiya O‘zbekiston fuqarolari uchun milliy viza berish tartibini yengillashtirishi kutilmoqda. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 13-oktyabr kuni Bratislava shahrida O‘zbekiston va Slovakiya tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida ilk konsullik maslahatlashuvlari bo‘lib o‘tgan. Muzokaralarda viza tartibini soddalashtirish, mehnat migratsiyasini rivojlantirish hamda konsullik ma’lumotlarini almashish masalalari muhokama qilingan.
Uchrashuv yakunida Slovakiya tomoni milliy vizalarni olish tartibini soddalashtirish, jumladan, arizalarni ko‘rib chiqish muddatini uch oydan bir oygacha qisqartirish imkoniyatini ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirgan.
Shuningdek, tomonlar Slovakiya Migratsiya masalalari agentligini O‘zbekistondan ishchi muhojirlarni Volvo zavodida mehnat qilish uchun jalb etish istiqbollari haqida xabardor etishga, ularni slovak tilini o‘rgatish kurslariga jalb etish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib olgan.
Tegishli davlat idoralari yaqin vaqt ichida mehnat migratsiyasi, migratsiya va mobillik hamda readmissiya masalalari bo‘yicha ikki tomonlama kelishuvlarni ishlab chiqish ustida ish olib boradi.