Surxondaryo viloyati paxtakorlari O‘zbekiston bo‘yicha birinchi bo‘lib 2025-yilgi paxta topshirish bo‘yicha shartnomaviy rejasini ortig‘i bilan bajardi, deb xabar berdi O‘zA.
Ma’lum qilinishicha, qabul shoxobchalariga 275 ming 600 tonnadan ortiq sifatli xomashyo topshirilgan. Hosilni o‘z vaqtida va sifatli yig‘ib olish maqsadida 1 277 ta terim otryadi tuzilib, 2 010 ta traktor va 2 965 ta tirkama terilgan paxtani tashishda faol qatnashgan.
Manbada qayd etilishicha, ob-havo noqulayligi va suv tanqisligiga qaramay, viloyat paxtakorlari o‘z tajriba va mehnatsevarligi bilan mo‘l hosil yetishtirishga erishgan.
Shuningdek, 2025-yil sentyabr oyida hosilni yo‘qotishlarsiz yig‘ib olish maqsadida Xitoyda ishlab chiqarilgan FM-World rusumli zamonaviy paxta terish mashinalari hududga olib kelingani ma’lum qilingan.