1-oktabrdan boshlab O‘zbekistonda “chiroyli” davlat raqamlarini olishning yangi tartibi kuchga kirdi. Endilikda bunday raqamlar auksion orqali emas, balki belgilangan to‘lov asosida rasmiy xizmatlar orqali taqdim etiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 1–3 toifaga kiruvchi “chiroyli” raqamlar “Uzavtomotobelgi” tizimi orqali xaridorlarga taklif etiladi. Xarid uchun bir martalik oshirilgan to‘lovni amalga oshirish kifoya qiladi.
Shuningdek, Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan ishlab chiqilgan “Safe Road YHXX” mobil ilovasi orqali ham raqamlarni onlayn tartibda xarid qilish imkoniyati yaratildi.
Yangi tartibga muvofiq, ilgari auksionga chiqarilgan, ammo sotilmay qolgan 1–3-kategoriya raqamlar quyidagi narxlarda taqdim etilmoqda:
• jismoniy shaxslar uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 17 baravari (7 million so‘m),
• yuridik shaxslar uchun – BHMning 25 baravari (10,3 million so‘m).
Shu tariqa, auksionlar bekor qilindi va jarayonni soddalashtirish hamda shaffofligini ta’minlashga qaratilgan yangi tizim ishga tushirildi.
