O‘zbekistonda 2025-yil avgust oyi holatiga ko‘ra, 45 mingdan ortiq fuqaro ov quroliga ega. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi bo‘lim boshlig‘i Davron Kasimov ma’lum qildi.
IIV mas’ulining so‘zlariga ko‘ra, joriy yilning yanvar—avgust oylarida 10 mingdan ortiq ovchi quroldan foydalanish, uni saqlash yoki olib yurish qoidalarini buzgan. Bunday fuqarolar ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Shuningdek, sakkiz oy davomida quroldan noqonuniy foydalangan 800 nafar fuqaro jinoyat javobgarligiga tortilgani qayd etildi. “Yashash uyida ro‘yxatdan o‘tmagan qurol saqlash, noqonuniy ravishda foydalanish holatlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 248-moddasi qo‘llanmoqda”, — dedi Kasimov.
Uning ta’kidlashicha, ko‘plab noqonuniy qurollar sobiq sovet davrida oilalarda qolib ketgan, ayrimlari esa qir-adirlarda topib olingan. Shu bilan birga, fuqarolar tomonidan ixtiyoriy ravishda mingdan ziyod qurol ichki ishlar organlariga topshirilgani ma’lum qilindi.
Davron Kasimovning qo‘shimcha qilishicha, jismoniy shaxslar 25 yoshdan keyin fuqaroviy ov quroli va uning o‘q-dorilarini olish huquqiga ega bo‘ladi. Bunda fuqaro ovchilik jamiyatlarida ro‘yxatdan o‘tishi kabi bir qator shartlarga rioya qilishi lozim.
