O‘zbekistonda 130 tonnadan ortiq yaroqsiz oziq-ovqat mahsulotlari savdodan olib tashlandi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qo‘mita axborotiga ko‘ra, dehqon bozorlarida sanitariya talablariga rioya etilishini ta’minlash hamda aholini xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida ichki ishlar bo‘limlari, soliq inspeksiyasi, veterinariya xizmati va bozor ma’muriyati bilan hamkorlikda muntazam nazorat ishlari olib borildi.
O‘tkazilgan tekshiruvlarda sifati kafolatlanmagan, yaroqlilik muddati o‘tgan va me’yor talablariga javob bermaydigan 130 tonnadan ziyod oziq-ovqat mahsulotlari savdosi taqiqlanib, belgilangan tartibda brakovka qilindi. Shuningdek, sanitariya qoidalariga zid ravishda mahsulot sotgan 514 nafar fuqaro jarimaga tortildi.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, respublikaning ko‘plab dehqon bozorlarida go‘sht va sut mahsulotlarini sotish uchun maxsus pavilonlar, veterinariya-sanitariya laboratoriyalari, chiqindilarni yig‘ish inshootlari va suv ta’minoti yetarli emas.
Sanepidqo‘mita tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda bozorlarning sanitariya holatini talab darajasiga keltirish bo‘yicha ishlarni davom ettirmoqda.
