Adliya vazirligi O‘zbekistonda 130 yoshli ayol tug‘ilgan sanasi aniqlanib, huquqiy tartibda tasdiqlanganini xabar qildi.
Xususan, vazirlik tomonidan o‘tkazilayotgan “Hech bir inson hujjatsiz qolmaydi” aksiyasi doirasida Buvayda tuman adliya bo‘limi xodimlari tomonidan “Qoraqum” mahallasida istiqomat qiluvchi 1895-yilda tug‘ilgan Huvaydo Umarova (Toshmatova)ning tug‘ilganlik holati rasman qayd etilmagani ma’lum bo‘ldi.
Buvayda tuman adliya bo‘limi tomonidan kiritilgan da’vo arizasi qanoatlantirilib, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qo‘qon tumanlararo sudining sayyor majlisida Huvaydo Umarovaning 1895-yil 1-yanvarda Buvayda tumanida tug‘ilgani aniqlanib, rasmiylashtirildi.
Endilikda Huvaydo Umarova O‘zbekistondagi eng keksa inson sifatida e’tirof etildi. Shuningdek, uzoq umr ko‘ruvchi o‘zbekistonlik ayol dunyodagi eng keksa inson sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilishi mumkinligi qayd etilmoqda.