Haftalik

Haftalik yangiliklar

Asosiy stavka 14 foiz darajasida saqlab qolindi

Stk

Markaziy bank Boshqaruvi 2025-yil 11-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Unga ko‘ra, joriy yilning ikkinchi choragida iqtisodiy faollik va iste’mol talabi yuqori sur’atlarda davom etib, narxlarning o‘sishiga ta’sir ko‘rsatgan. Shu bilan birga, o‘tgan yilgi “baza effekti” hisobidan avgust oyidan boshlab inflyatsiyada pasayish tendensiyasi qayd etilgan.

Avgust oyida yillik umumiy inflyatsiya 8,8 foizni tashkil etgan, bazaviy inflyatsiya esa 7,6 foizgacha pasaygan. Xizmatlar sohasida esa energiya narxlarining ikkilamchi ta’siri yuqori bosimni saqlab qolmoqda.

2025-yilning birinchi yarmida iqtisodiy o‘sish sur’ati 7,2 foizni tashkil etdi. Bunda xizmatlar sohasi yetakchi bo‘lgan bo‘lsa, sanoat, qurilish va qishloq xo‘jaligida ham sezilarli o‘sish kuzatilgan. Yalpi talabning o‘sishiga transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmining ortishi, kreditlash sur’atlarining jadallashuvi hamda byudjet xarajatlari va investitsion faollik asosiy omil bo‘ldi.

Markaziy bank xalqaro savdodagi cheklovlar, global oziq-ovqat narxlarining ko‘tarilishi va asosiy savdo hamkor davlatlarda inflyatsiyaning yuqori darajada saqlanib qolishini tashqi xavf omillari sifatida qayd etdi.

Joriy yil yakunida inflyatsiya 8,7 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda.

Markaziy bankka ko‘ra, asosiy stavkani o‘zgarishsiz saqlash qarori iqtisodiyotda jamg‘arish jozibadorligini qo‘llab-quvvatlash, kreditlash sur’atlarini maqbullashtirish va yalpi talabni muvozanatlashtirish orqali narxlar barqarorligini ta’minlashga qaratilgan.

Asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilish 2025-yil 23-oktabr kuni bo‘lib o‘tadi.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *