Samarqandning tarixiy markazida joylashgan Imom Moturidiy majmuasi rekonstruksiyasi doirasida eski mahallaning bir qismi buzib tashlangani haqida ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar tarqaldi. Madaniy meros agentligi ushbu ma’lumotlar yuzasidan o‘rganish o‘tkazib, rasmiy izoh berdi.
Ma’lum qilinishicha, prezidentning 2021-yilda qabul qilingan farmon va qarorlariga muvofiq majmua hududida rekonstruksiya, atrofdagi buyuk ulamolar qabrlarini tiklash, hududlarni obodonlashtirish va ziyoratchilar uchun infratuzilmani yaxshilash belgilangan. Ushbu loyihalar Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashida ko‘rib chiqilib, ma’qullangan.
Agentlikka ko‘ra, qurilish va obodonlashtirish ishlari Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlarda olib borilayotganligi sababli YUNESKO talablari asosida, xalqaro mutaxassislar jalb qilingan holda amalga oshirilmoqda. Shuningdek, loyiha YUNESKOning Umumjahon merosi markazi bilan kelishilgan.
Uy-joylari buzilgan fuqarolarning mulklari bozor qiymati asosida baholanib, qonunchilikka muvofiq kompensatsiya to‘lab berilishi ta’minlanishi qayd etilgan.
Madaniy meros agentligi yakuniy xulosalar va xalqaro ekspertlar tomonidan tayyorlangan hisobot yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlarni rasmiy sahifalari orqali e’lon qilishini bildirdi.