Ushbu ish haftasining birinchi yarmida O‘zbekiston hududi bo‘yicha iqlimiy me’yorga yaqin bo‘lgan havo harorati bilan biroz issiq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, deb xabar berdi “O‘zgidromet”.
Prognozlarga ko‘ra, kunduz kunlari harorat 36-39 daraja atrofida, respublika janubida va cho‘l hududlarida 40-42 darajagacha bo‘ladi.
Haftaning ikkinchi yarmida issiq kuchayadi. Juda issiq ob-havo davri 19-iyul shanba kuniga qadar davom etadi. Kunduz kunlari termometr ustuni 40-42 darajagacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda 43-44 darajagacha ko‘tariladi.
Shu kunlarda O‘zbekiston hududining katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Qisqa muddatli yomg‘irlar faqat 14—16-iyul kunlari ayrim tog‘li hududlarda kuzatilishi mumkin.
Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 13-18 metr/sekundgacha kuchayishi, chang-to‘zon bilan kuzatilishi mumkin.
Toshkentda havo asosan biroz bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat 14—16-iyulda kechalari 22-24 daraja, kunduz kunlari 37-39 daraja bo‘ladi. 17—19-iyulda harorat kechalari 25-27 darajagacha, kunduz kunlari 40-42 darajagacha ko‘tariladi.