Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Ma’lum qilinishicha, 2025-yil 1-iyul holatiga ko‘ra, mamlakatda 1 million 50 ming 218 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs yashaydi. Bu umumiy aholining 2,7 foizini tashkil etadi. Ulardan:
- 174 373 nafar — 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar,
- 96 067 nafar — I guruh,
- 707 909 nafar — II guruh,
- 71 869 nafar — III guruh nogironligi bo‘lgan shaxslardir.
Qayd etilishicha, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan 60 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqilgan bo‘lib, ulardan 18 tasi nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Nogironlikni belgilash tizimi ham isloh qilindi.
Xususan, ushbu baholash tizimi asosida 32 036 nafar shaxs baholandi, natijalar “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimiga kiritildi. Bu jarayon uchun 450 dan ziyod mas’ul xodim malakasi oshirildi.
Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyalari TIEK tizimi qayta ko‘rib chiqildi. Viloyatlardagi 33 ta ixtisoslashtirilgan komissiya tugatilib, tumanlararo va tuman (shahar) TIEKlar orqali nogironlik belgilash amaliyoti joriy etildi. Barcha komissiyalarga pediatrlar shtati kiritildi.
Buning natijasida ko‘rikdan o‘tuvchilar soni 15 dan 12 nafarga kamaydi, shuningdek, 150 ming fuqaroning viloyat markaziga qatnashiga zarurat qolmadi. Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiya ko‘rigiga chaqirmasdan nogironlik belgilanadigan kasalliklar soni 39 tadan 48 tagacha kengaytirildi. Natijada 463 nafar shaxs komissiyaga borishdan ozod etildi va nogironlik masofadan turib belgilandi.
Endilikda nogironlik guruhi, sababi, muddati va reabilitatsiya tadbirlari “Yagona milliy ijtimoiy himoya” tizimida inson omilisiz, elektron tarzda shakllantiriladi.
Protez va reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlash kengaymoqda. Davlat kafolati asosida beriladigan protez va reabilitatsiya vositalari ro‘yxati 18 tadan 38 tagacha oshirildi. Vaucher tizimi joriy etilishi natijasida 2025-yilning o‘zida 69 mingdan ortiq vosita qisqa fursatlarda ehtiyojmandlarga yetkazildi.
220 ta ambulator ya’ni kunduzgi qatnov, reabilitatsiya xizmati tashkil etildi va shu kunga qadar 6 600 qatnovda 770 nafar nogironligi bo‘lgan shaxsga xizmat ko‘rsatildi.
2025-yil I yarim yilligida pensiya tayinlash uchun ish stajiga ega bo‘lmagan 48 771 nafar fuqaroga nafaqa, moddiy yordam va kompensatsiya pul to‘lovlari tayinlab berildi. Jumladan:
- 6 811 nafar fuqaroga — yoshga doir nafaqa;
- 16 014 nafar fuqaroga — nogironlik nafaqasi;
- 3 770 nafar oilaga — boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi;
- 14 115 nafar fuqaroga — nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarga nogironlik nafaqasi;
- 6 144 nafar fuqaroga — parvarishlash nafaqasi;
- 1 252 nafar fuqaroga — o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar va o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz nogironligi bo‘lgan shaxslarga moddiy yordam;
- 612 nafar fuqaroga — uy-joy kommunal xizmatlar haqini to‘lash bo‘yicha kompensatsiya pul to‘lovlari tayinlab berildi;
Shuningdek:
- parvarishi va ta’minoti uchun to‘lov bilan qamrab olingan oilaga tarbiya (patronat)ga berilgan tutingan bolalar — 42 nafar;
- oilaviy bolalar uyi tutingan bolalar — 11 nafar.