Haftalik

Haftalik yangiliklar

2024-yilda O‘zbekiston Shengen vizasiga topshirilgan arizalar soni bo‘yicha dunyoda 35-o‘rinni egalladi

Photo 2025 07 11 09 06 59

2024-yilda O‘zbekiston fuqarolari Shengen vizasini olish uchun 58 691 ta ariza topshirgan. Bu so‘nggi o‘n yildagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib, 2023-yilga nisbatan 26,2 foizga ko‘pdir. Bu haqda rasmiy statistikaga asoslanib, SchengenVisaInfo portali xabar bermoqda.

Topshirilgan arizalar soni bo‘yicha O‘zbekiston jahon reytingida 35-o‘rinni egallagan.

Murojaatlarni tasdiqlash ko‘rsatkichi ancha yuqori bo‘lib, arizachilarning deyarli 88 foizi ijobiy javob olgan. Jami 51 604 ta viza berilgan. Bu 2023-yilga nisbatan 33 foiz ko‘pdir.

O‘zbekiston fuqarolarining Shengen vizasiga bo‘lgan qiziqishi pandemiya yillarida eng past darajada bo‘lgan. 2020 va 2021-yillarda mos ravishda atigi 6770 va 8929 ta ariza topshirilgan.

2024-yilda eng ko‘p 19 329 ta murojaat Germaniya konsulxonalariga kelib tushgan. Shundan 15 525 ta ariza tasdiqlangan. Shu bilan birga, Shveysariya yil davomida O‘zbekiston fuqarolaridan birorta ham murojaat qabul qilmagan.

Polsha yana bir bor eng ko‘p rad etadigan davlat maqomini olgan. Mamlakat konsulxonasi o‘zbekistonliklardan kelib tushgan barcha arizalarning 32,88 foizini rad etgan.

2024-yil 11-iyungacha Shengen vizasi uchun ariza topshirish narxi 80 yevro edi. O‘tgan yil davomida O‘zbekiston fuqarolari viza yig‘imlari uchun 4 695 280 yevro sarflagan, shundan taxminan 740 000 yevro rad etilgan arizalarga to‘g‘ri keladi.

Umuman olganda, so‘nggi o‘n yil ichida Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston fuqarolaridan viza yig‘imlari orqali deyarli 26 million yevro daromad olgan.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *