Qoraqalpog‘iston Respublikasining To‘rtko‘l tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida opiy giyohvandlik vositasi aniqlandi. Bu haqda Xorazm viloyati bojxona boshqarmasi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Isuzu avtotransport vositasida yo‘lovchi sifatida harakatlanayotgan fuqaroning sumkasi belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilgan. Unda silindrsimon shakldagi sellofan paketlarga o‘ralgan, sof og‘irligi 217,15 gramm bo‘lgan opiy giyohvandlik vositasi borligi ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, fuqaroning o‘zi kiyib olgan ichki kiyimi ichida ham yana 1 o‘ramda, sof og‘irligi 37,52 gramm bo‘lgan opiy moddasi borligi aniqlandi.
Tadbir davomida jami sof og‘irligi 254,67 gramm bo‘lgan giyohvandlik vositasining noqonuniy muomalasiga chek qo‘yilgan.
Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.