O‘zbekistonda biogazdan metan ishlab chiqarish bo‘yicha sinov loyihasi amalga oshiriladi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, vazirlik rahbari Aziz Abduhakimov va Yaponiyaning Le One Co., Ltd kompaniyasi bosh ijrochi direktori Xaruki Yamasaki bilan uchrashuv o‘tkazib, innovatsion ekologik texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha rejalashtirilgan sinov loyihasi doirasida ikki tomonlama hamkorlikni muhokama qildi.
Muzokaralar davomida Le One Co., Ltd kompaniyasi 2025–2030-yillarga mo‘ljallangan 4 million AQSH dollari miqdoridagi grant yutib olgani ma’lum qilindi. Grant Yaponiya energetika va sanoatni rivojlantirish tashkiloti (NEDO) tomonidan dekarbonizatsiya va yashil energiya sohasida ilg‘or yapon texnologiyalarini ilgari surishga qaratilgan xalqaro ko‘rgazmali dastur doirasida taqdim etilgan.
Loyihaga ko‘ra, O‘zbekistonda biologik chiqindilarni qayta ishlash natijasida olingan biogazdan metan ishlab chiqarish bo‘yicha tajriba zavodini ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Tashabbus bir vaqtning o‘zida bir nechta ekologik va iqtisodiy maqsadlarga erishishga qaratilgan: issiqxona gazlari tashlamalarini kamaytirish, chiqindilarni xavfsiz yo‘q qilish, qishloq xo‘jaligida foydalanish uchun biogumus ishlab chiqarish, shuningdek, kimyoviy yuvish va Yaponiya standartlari asosida chuqur tozalash tizimi bilan gibrid sirkulyatsiya texnologiyasini joriy etish.
Uchrashuv yakunida Le One Co., Ltd kompaniyasi bilan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi o‘rtasida ikki tomonlama bitimni tayyorlash va imzolash to‘g‘risida kelishuvga erishildi. Hujjat tomonlarning o‘zaro majburiyatlarini qayd etib, sinov loyihani ishga tushirish uchun asos bo‘ladi.