O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining navbatdagi yalpi majlisida yangi qonun ma’qullandi. Unga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Qo‘riqlash departamenti xodimlariga qator qoidabuzarliklar bo‘yicha chora ko‘rish vakolati berilmoqda.
Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks hamda “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”, “Qo‘riqlash faoliyati to‘g‘risida”, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Endilikda nafaqat profilaktika inspektorlari, balki Qo‘riqlash departamentining mas’ul xodimlari ham quyidagi holatlar bo‘yicha qonuniy choralar ko‘rishga haqli bo‘ladi:
— jamoat joylarida tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish;
— daraxtlarni noqonuniy kesish va shikastlash;
— noqonuniy ov qilish va baliq ovlash;
— boshqa turdagi ekologik qoidabuzarliklar.
Hujjatda tadbirkorlik subyektlari uchun byurokratik tartib-taomillarni qisqartirish ham nazarda tutilgan. Xususan, qo‘riqlashning texnik vositalarini loyihalashtirish va ularga xizmat ko‘rsatish faoliyatida litsenziyalash tartibi bekor qilinadi. Uning o‘rniga vakolatli organni xabardor qilish tizimi joriy etiladi. Mazkur vakolat bevosita Ichki ishlar vazirligiga o‘tkazilishi belgilangan.
Senatorlar ta’kidlashicha, “Qo‘riqlash faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun xavfsizlikni ta’minlashda jazolashdan ko‘ra profilaktikaga ustuvor ahamiyat beradi. Shuningdek, jamoat tartibi, profilaktika va qo‘riqlash faoliyatining yagona tizim sifatida samarali ishlashi ko‘zda tutilgan.
Yalpi majlis yakunida senatorlar mazkur qonunni bir ovozdan ma’qulladi.