Haftalik

Haftalik yangiliklar

Buxoro shahrida yangi ma’muriy markaz tashkil qilinadi

Bux

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2-aprel kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda Buxoro shahrida yangi ma’muriy markaz tashkil etish rejalari muhokama qilindi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishda viloyatda aholi soni ortib borayotgani inobatga olinib, uy-joy va infratuzilmani kengaytirish masalalariga e’tibor qaratildi. Xususan, Buxoro tumanidagi “Rabotak” mahallasida 63 gektar maydonda 10 mingdan ortiq xonadonga mo‘ljallangan zamonaviy uy-joy majmuasini barpo etish rejalashtirilgan. Shuningdek, “Yangi O‘zbekiston” massivi va bog‘ini tashkil qilish, Buxoro davlat universiteti uchun yangi kampus qurish ham ko‘zda tutilgan.

Majlisda transport va muhandislik infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha ham qator vazifalar belgilandi. Jumladan, viloyatda umumiy uzunligi 33,1 kilometr bo‘lgan 7 ta aylanma yo‘l qurish, G‘uzor—Buxoro—Nukus—Beyneu yo‘lining 78 kilometri hamda Samarqand—Buxoro—Turkmanboshi yo‘lining 71 kilometrlik qismini rekonstruksiya qilish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, A-380 avtomobil yo‘li bo‘yida 30,8 gektar yer maydonini auksionga chiqarib, 403 ta servis loyihasini joylashtirish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, og‘ir toifadagi 3 ta tuman va 36 ta mahallada, shuningdek, “Yangi O‘zbekiston qiyofasi” asosida rivojlantirilayotgan 2 ta tuman va 35 ta mahallada yo‘l, elektr, suv hamda sug‘orish tarmoqlarini yaxshilash ishlari amalga oshiriladi. Ushbu maqsadlar uchun jami 593 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.

Qayd etilishicha, 2026-yilda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish uchun jami 4 trillion 484 milliard so‘m ajratiladi. Ushbu mablag‘lar hisobidan maktablar, bog‘chalar, tibbiyot muassasalari, shuningdek, kommunal va transport infratuzilmasi bo‘yicha yuzlab loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *