Farg‘ona viloyatining Beshariq tumanida voyaga yetmagan aka-uka suvda cho‘kib ketib vafot etdi. Bu haqda “Daryo”ga Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa 19-mart kuni sodir bo‘lgan. 8 yoshli va 6 yoshli aka-uka “Buloqboshi” MFY hududida joylashgan suv taqsimlagich omboriga tushib ketgan.
Dastlab, 6 yoshli bola o‘ynab yurgan vaqtida qo‘lidagi o‘yinchog‘i suvga tushib ketgan. Uni olish maqsadida suvga tushgan bola o‘zini boshqara olmay cho‘kib ketgan. Ukasini qutqarish uchun suvga sakragan 8 yoshli bola ham suvda qolib ketgan. Oqibatda har ikkisi hodisa joyida vafot etgan.
Bolalar uyga qaytmaganidan so‘ng otasi ularni qidirib, kanal hududida ularning suvga cho‘kib ketganini aniqlagan. Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari tomonidan bolalarning jasadi suvdan olib chiqilgan.
Dastlabki ko‘rikda ularning tanasida jarohat izlari aniqlanmagan. Sud-tibbiy ekspertizaning dastlabki xulosasiga ko‘ra, bolalar o‘limiga nafas yo‘llarining suv bilan berkilishi oqibatidagi mexanik asfiksiya sabab bo‘lgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Beshariq tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.