O‘zbekistonda banklar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni ta’minlovchi Account-to-Account (A-A) formatidagi yangi xizmat yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Account-to-Account — bu jismoniy shaxslar o‘rtasida bir bank hisobidan boshqa bank hisobiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul o‘tkazish imkonini beruvchi xizmat hisoblanadi. Mazkur tizim Markaziy bankning Axborotlashtirish bosh markazi tomonidan yaratilgan texnik infratuzilma asosida ishga tushirilgan.
Yangi xizmat Peer-to-Peer (P2P) o‘tkazmalardan farq qiladi. P2P tizimida mablag‘ karta raqami orqali yuborilsa, A-A formatida pul bevosita bank hisobvaraqlari o‘rtasida o‘tkaziladi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu xizmat mavjud bank mobil ilovalarida qo‘shimcha o‘tkazma turi sifatida joriy etilgan. Foydalanuvchilardan yangi karta ochish talab etilmaydi. Har bir karta aslida bankdagi hisob raqami asosida ochilgan bo‘lgani sababli, mablag‘ o‘tkazish aynan shu hisoblar orqali amalga oshiriladi.
Hozirda A-A xizmati texnik jihatdan barcha banklarga taqdim etilgan. Xizmat uchun komissiya miqdori esa har bir bank tomonidan o‘zining ichki tarif siyosatiga muvofiq mustaqil belgilanadi va tanlangan bank hamda xizmat turiga qarab farq qilishi mumkin.
Markaziy bank bozor iqtisodiyoti tamoyillariga muvofiq regulyator sifatida komissiyalarni belgilash jarayoniga aralashmasligini bildirgan. Shuningdek, Axborotlashtirish bosh markazi to‘lov xizmatlarini bevosita ko‘rsatmagani sababli tariflarni shakllantirishda ishtirok etmaydi.
Fuqarolarga pul o‘tkazmalarini amalga oshirishdan avval banklar tomonidan belgilangan tariflar va komissiyalar bilan tanishib chiqish tavsiya etildi.