Angliyada butun mamlakat qirg‘oqlarini qamrab oluvchi ulkan piyodalar yo‘lagi ochilishi kutilmoqda. Umumiy uzunligi 4 327 kilometrni tashkil etuvchi ushbu yo‘nalish dunyodagi eng uzun sohilbo‘yi marshrutiga aylanishi aytilmoqda.
Loyiha muallifi — Natural England ma’lumotiga ko‘ra, marshrut “Qirol Charlz III Angliya qirg‘oq yo‘li” deb nomlangan. Ushbu yo‘lak ilk bor mamlakatning butun qirg‘oq chizig‘i bo‘ylab uzluksiz harakatlanish imkonini yaratadi.
Qayd etilishicha, marshrut qumli plyajlar, qoyalar, qum tepaliklari hamda tarixiy sohilbo‘yi shaharlari orqali o‘tadi. Yo‘nalishning diqqatga sazovor nuqtalaridan biri — Seven Sisters bo‘r qoyalari bo‘lib, u yangi tashkil etilgan milliy tabiat qo‘riqxonasining bir qismiga aylangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, loyiha ustida ishlash Gordon Braun hukumati davrida boshlangan. Hozirgi bosqichga yetib kelguncha 18 yil vaqt ketgan va bu davrda mamlakatda 7 nafar bosh vazir almashgan.
Hozirda yo‘nalishning qariyb 80 foizi foydalanishga topshirilgan, qolgan qismlari esa yil yakuniga qadar ochilishi kutilmoqda. Loyihani amalga oshirish doirasida 1 600 kilometrdan ortiq yangi yo‘llar barpo etilib, mavjud yo‘laklar modernizatsiya qilindi, shuningdek, ko‘priklar va yog‘och yo‘laklar o‘rnatildi.
Yangi yo‘nalish Uelsdagi 1 400 kilometrlik qirg‘oq yo‘li bilan tutashadi. Agar sayyoh butun Buyuk Britaniya oroli bo‘ylab uzluksiz sayohat qilsa, umumiy masofa taxminan 14 500 kilometrni tashkil etadi. Kuniga o‘rtacha 24 kilometr yo‘l bosilganda, butun orolni aylanib chiqish uchun qariyb ikki yil vaqt talab etiladi.