O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 3-martdagi farmoniga muvofiq, mamlakatda ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarni nazorat qilish maqsadida Crime map monitoring tizimi joriy etilishi rejalashtirilgan.
Hujjatga ko‘ra, sog‘liqqa, jinsiy erkinlikka, oilaga, yoshlar va axloqqa qarshi jinoyat sodir etgan shaxslar bo‘yicha maxsus reyestr yuritish tartibi takomillashtiriladi. Reyestrga kiritilgan shaxslarning zo‘ravonlikka moyilligi muntazam o‘rganilib, ularni xulq-atvorini o‘zgartirishga qaratilgan tuzatish (korreksiya) dasturlari orqali ishlash ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, bunday shaxslar haqidagi ma’lumotlar ularning yashash joyidagi profilaktika inspektorlari va tibbiyot muassasalariga yetkaziladi hamda nazorat kuchaytiriladi. Voyaga yetmaganlar bilan ishlaydigan davlat organlari va tashkilotlar ham shaxsning mazkur reyestrga kiritilgan-kiritilmagani haqida ma’lumot olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Farmonga muvofiq, reyestrga kiritilgan shaxslarga voyaga yetmaganlar bilan ishlaydigan sohalarda mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish bo‘yicha cheklovlar joriy etilishi ham rejalashtirilgan. Tizim orqali ularning joylashuvi va faoliyati monitoring qilinadi.
Crime map — jinoyat sodir etgan shaxslar yoki jinoyatchilik holatlarini geografik xarita orqali kuzatish va tahlil qilish imkonini beruvchi monitoring tizimi hisoblanadi. U orqali reyestrdagi shaxslarning yashash joyi va faoliyati nazorat qilinib, xavfli hududlar hamda takroriy zo‘ravonlik ehtimoli bo‘lgan holatlarni tezkor aniqlash mumkin bo‘ladi.
Mazkur tizimni joriy etish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish 2026-yil may oyiga qadar Ichki ishlar vazirligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Sport vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Bolalar ombudsmaniga yuklatilgan.