Haftalik

Haftalik yangiliklar

Suv tanqisligining oldini olish uchun 600 mlrd so‘m ajratiladi

Suv

Shavkat Mirziyoyevning 5-martdagi qaroriga ko‘ra, O‘zbekistonda suv resurslaridan oqilona foydalanish hamda joriy yilda kutilayotgan suv tanqisligining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar uchun 600 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.

Hujjatga muvofiq, mablag‘lar 2026-yil birinchi choragi yakunlari bo‘yicha respublika budjeti daromadlari prognozi oshirib bajarilgan qismi hisobidan yo‘naltiriladi. Shundan 480 milliard so‘m kanallar va sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirish, yana 120 milliard so‘m suv tanqisligining oldini olishga qaratilgan tadbirlar uchun sarflanadi.

Qarorda asosiy maqsadli ko‘rsatkich sifatida Suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi suv yo‘qotilishi yuqori bo‘lgan 389 kilometr kanalni rekonstruksiya qilish va betonlashtirish belgilangan. Bu ishlar natijasida yiliga 206 million kub metr suv hamda 26 million kilovatt-soat elektr energiyasi iqtisod qilinishi, shuningdek 159 ming gektar sug‘oriladigan yerning suv ta’minoti yaxshilanishi kutilmoqda.

Sug‘orish tarmoqlarini ta’mirlash ishlari “bir kanal – bir tizim” tamoyili asosida amalga oshiriladi. Bunda avval betonlashtirilgan yoki betonlashtirish ishlari boshlangan kanallardan suv oluvchi tarmoqlar ustuvor tartibda ta’mirlanadi.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, ushbu choralar natijasida sug‘orish tarmoqlarining suv o‘tkazish qobiliyati 20 foizgacha oshadi, suvning dalaga yetib borish vaqti esa 2–3 barobarga qisqaradi.

Qayd etilishicha, qaror ijrosi orqali suv tanqisligi xavfini 20–30 foizga kamaytirish, o‘rtacha hosildorlikni 20–30 foizga, mahsulot yetishtirish hajmini esa 15–25 foizga oshirish rejalashtirilgan.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *