O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoqlarda yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzishni targ‘ib qilayotgan akkauntlarga nisbatan cheklov choralarini qo‘llash boshlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 26-fevraldan boshlab respublika bo‘ylab yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda. 3-mart kuniga qadar o‘tkazilgan nazorat ishlari davomida bir qator qo‘pol qoidabuzarliklar aniqlangan.
Departament matbuot xizmati internet tarmog‘i ham doimiy monitoring qilinayotganini bildirgan. Qayd etilishicha, poyga, yo‘l bezoriligi va boshqa xavfli holatlarni targ‘ib qiluvchi akkauntlar faoliyatini cheklash choralari ko‘rilmoqda. Bunday videolarni joylashtirgan shaxslarni aniqlash, ularga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘rish hamda qo‘pol qoidabuzarliklarni “piar” qilgan sahifalarni bloklash belgilangan.
Besh kunlik monitoring davomida internet platformalarida yo‘l bezoriligi aks etgan 107 ta videolavha aniqlangan. Ular asosida 66 nafar haydovchiga nisbatan bayonnomalar rasmiylashtirilgan, 62 ta avtomobil jarima maydoniga joylashtirilgan. Shuningdek, blogerlar va qoidabuzar haydovchilar bilan profilaktik ishlarni kuchaytirish vazifasi qo‘yilgan.
Tahlillarga ko‘ra, besh kunlik reydlar davomida Toshkent shahrida 5 919 ta qo‘pol qoidabuzarlik aniqlangan. Barcha holatlar bo‘yicha transport vositalari jarima maydoniga qo‘yilgan.
Asosiy qoidabuzarliklar orasida poyga — 4 ta, xodimlarga bo‘ysunmaslik — 70 ta, tonirovka — 116 ta, noqonuniy sirena va mayoqchalar o‘rnatish — 61 ta, davlat raqamisiz boshqarish — 34 ta holat qayd etilgan. Huquqbuzarlar orasida 54 nafar voyaga yetmagan shaxs borligi ma’lum qilingan.
Shuningdek, YPX xodimlari poytaxtdagi 100 ta avtoservis hamda 68 ta tuning xizmatini ko‘rsatuvchi korxonalar rahbarlari bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazgan.