Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-iyundagi “Yoshlar daftari” tizimiga oid qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Yangilangan tartibga ko‘ra, “Yoshlar daftari”ga doimiy yoki vaqtincha yashash joyi bo‘yicha 14 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan (31 yoshga to‘lmagan) yoshlar kiritiladi. Jumladan:
-
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar a’zolari;
-
Oilasida har bir a’zoga to‘g‘ri keladigan oylik daromad minimal iste’mol xarajatlari miqdorining 2 baravaridan ko‘p bo‘lmagan yoshlar.
Endilikda arizachilar “Yoshlar daftari”ga kirish va ijtimoiy yordam olish uchun davlat xizmatlari markazi, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) yoki Yoshlar yagona elektron platformasi orqali murojaat qilishi mumkin.
Jamg‘arma mablag‘lari individual reja asosida tuziladigan ijtimoiy shartnoma orqali ajratiladi. Shartnoma shartlarining bajarilishi Yoshlar yagona elektron platformasi orqali avtomatik monitoring qilinadi.
Monitoring jarayonida har bir shartning bajarilishi har oy 100 ballik tizim asosida baholanadi. Barcha shartlar bo‘yicha to‘plangan ballar yig‘indisi shartlar soniga bo‘linib, o‘rtacha ko‘rsatkich aniqlanadi.
Kamida 6 oy davomida shartlarni “a’lo” darajada bajargan va o‘rtacha oylik ko‘rsatkichlari eng yuqori bo‘lgan 1 000 nafargacha yoshlar har yili dekabr oyida bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 3 baravari — 1 mln 125 ming so‘m miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.