Haftalik

Haftalik yangiliklar

O‘zbekistonda bog‘cha va maktablardagi baxtsiz hodisalar oqibatida ikki nafar xodim vafot etgan

720 80 adae0daa16aeb5d947c6083c4e00dbeb

O‘zbekistonda so‘nggi ikki yil davomida bog‘cha va maktablardagi baxtsiz hodisalar oqibatida 17 nafar xodim og‘ir tan jarohati olgan, 2 nafar xodim esa vafot etgan. Bu haqda Davlat mehnat inspeksiyasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi muassasalarda mehnat xavfsizligi talablariga rioya etilmasligi oqibatlari tobora og‘irlashib bormoqda. Mehnat faoliyati bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar sonining keskin ko‘payishi ushbu sohada tizimli muammolar mavjudligidan dalolat bermoqda.

Tahlil natijalariga ko‘ra, 2024-yilda bog‘cha va maktablarda 12 ta baxtsiz hodisa qayd etilgan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 8 taga oshib, jami 20 tani tashkil etgan.

“Bu holatlar tasodifiy emas. Aksincha, tizimda mehnatni muhofaza qilish talablariga muntazam rioya etilmayotgani, nazoratning sustligi hamda rahbarlar tomonidan qonun talablariga yetarlicha e’tibor berilmayotganining yaqqol isbotidir”, — deyiladi inspeksiya xabarida.

Baxtsiz hodisalar sabablari

Davlat mehnat inspeksiyasi ma’lumotiga ko‘ra, baxtsiz hodisalarning asosiy sabablari qatoriga bog‘cha va maktablarda mehnatni muhofaza qilish qoidalariga amal qilinmasligi, malakali mutaxassislar yetishmasligi yoki ushbu vazifaning tayyorgarligi bo‘lmagan xodimlarga yuklatilishi kiradi. Shuningdek, xodimlarni belgilangan tartibda o‘qitish va yo‘l-yo‘riqdan o‘tkazish ishlari yetarli darajada tashkil etilmagani, ish joylarida xavf-xatarlarni baholash va profilaktika choralarining yo‘qligi ham salbiy oqibatlarga olib kelgan.

Bundan tashqari, rahbarlarning mehnat xavfsizligi borasida shaxsiy javobgarlikni yetarli darajada his qilmasligi ham muhim omil sifatida ko‘rsatilgan.

Talablar kuchaytirilmoqda

Ma’lum qilinishicha, **O‘zbekiston Respublikasi hukumati**ning 819-son qarori talablariga muvofiq, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda uning tizimidagi tashkilotlar mehnatni muhofaza qilish ishlarini zudlik bilan qayta ko‘rib chiqishi lozim. Jumladan, barcha muassasalarda mas’ul va malakali mutaxassislarni tayinlash, xodimlarni o‘qitish, yo‘l-yo‘riqlar va nazorat tizimini qat’iy yo‘lga qo‘yish, rahbarlarning shaxsiy javobgarligini kuchaytirish talab etiladi.

Inspeksiya matbuot xizmati bu borada sustkashlikka yo‘l qo‘yilmasligini bildirib, mehnat xavfsizligi talablariga amal qilmaslik, oqibatda xodimlarning og‘ir jarohat olishi yoki vafot etishi ma’muriy hamda jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishini ta’kidladi.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *