Ramazon oyida ehtiyojmand aholini qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash maqsadida 800 milliard so‘m ajratiladi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Dilfuzabegim Ro‘zmetova ma’lum qildi.
Prezident qaroriga muvofiq, ijtimoiy reyestrda davlat ta’minotida turgan 215 mingta oilaga 1 million so‘mdan bir martalik moddiy yordam beriladi. Shuningdek, yolg‘iz yashovchi keksalar va nogironligi bo‘lgan 13 ming nafar shaxs ham ushbu miqdorda qo‘llab-quvvatlanadi. Bundan tashqari, kambag‘al toifadagi 421 mingta oilaga 500 ming so‘mdan ajratilishi belgilangan.
Reyestrga kirmagan, biroq mahalla yettiligi tomonidan ehtiyojmand deb topilgan 43 mingta oila ham moddiy yordam oladi. Ijtimoiy reyestrda turgan 6 ming nafar bemorning davolanishi va zarur jarrohlik amaliyotlari xarajatlari esa to‘liq qoplab berilishi rejalashtirilgan.
Ajratilgan mablag‘lar 2026-yil 1-martga qadar Xalq banki orqali fuqarolarning ijtimoiy kartalari yoki bank plastik kartalariga o‘tkaziladi. Ushbu chora-tadbirlar Ramazon oyida aholini qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy himoyani kuchaytirishga qaratilgan.
Dastur doirasida jami 700 mingta oilaga moddiy yordam ko‘rsatilishi ko‘zda tutilgan. Qarzdorlikni kamaytirish maqsadida bank kreditlari bo‘yicha 254 ming oila uchun 30 milliard so‘m, kommunal to‘lovlar uchun esa 14,3 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
Shuningdek, ijtimoiy karta orqali bir martalik moddiy yordamga 270 milliard so‘m, oziq-ovqat vaucherlariga 41 milliard so‘m ajratiladi hamda 5 mingta xonadonda energosamaradorlikni oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshiriladi.