Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahridagi ko‘p qavatl uyda 16-fevral kuni gaz portladi. Bu haqda viloyat FVB axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, yong‘in-qutqaruv ekipajlari voqea joyiga soat 21:23 da yetib borib, 21:25 da yong‘inni o‘rab oldi va 21:32 da to‘liq bartaraf etdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa gaz-havo aralashmasining portlashi oqibatida sodir bo‘lgan.
Portlash oqibatida 28-uyning 50 kvadrat metr maydondagi tom va shift qismi hamda uy jihozlari yongan. Hodisa oqibatida 4 nafar fuqaro turli darajada kuyish tan jarohati olib, shahar tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.
Ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay, jabrlanganlardan biri shifoxonada vafot etgan. Hozirda hodisa sabablari aniqlanmoqda.