Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning taklifiga binoan 29-yanvar kuni rasmiy tashrif bilan Turkiyaga ketdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Anqarada O‘zbekiston va Turkiya yetakchilari oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishini o‘tkazadi. Muzokaralarda ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikni kengaytirish, siyosiy muloqotni rivojlantirish, tovar ayirboshlashni oshirish, ustuvor iqtisodiy tarmoqlarda hamkorlik loyihalarini ilgari surish va transport sohasida bog‘liqlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilinadi.
Shuningdek, madaniy va gumanitar almashinuvlar davom ettiriladi, xalqaro va mintaqaviy kun tartibi bo‘yicha fikr almashiladi. Oliy darajadagi muzokaralar yakunida qator salmoqli hujjatlar imzolanishi, shuningdek ikki mamlakat yetakchilari qo‘shma tadbirlarda ishtirok etishi kutilmoqda.