Haftalik

Haftalik yangiliklar

2025-yilda O‘zbekistonda uy-joy bozori faollashdi

Em7qyq16318588958334 l

2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozori faollashib, uy-joy oldi-sotdi shartnomalari soni 295 mingta yetdi. Bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 15 foizdan ko‘proqqa oshgan. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlilida ma’lum qilindi.

Hududlar kesimida eng yuqori o‘sish Buxoro (25,7%), Sirdaryo (23,3%) va Samarqand (19,7%) viloyatlarida qayd etildi. Respublika bo‘yicha tuzilgan bitimlarning qariyb 30 foizi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelgan. Poytaxtda yil davomida 84 mingga yaqin uy-joy oldi-sotdi bitimi amalga oshirilib, savdo hajmi 18,2 foizga oshgan.

2025-yilda ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar respublika bo‘yicha o‘rtacha 7,9 foizga ko‘tarildi. Eng yuqori yillik o‘sish Surxondaryo viloyatida kuzatilib, narxlar qariyb 19,5 foizga oshgan. Farg‘ona, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Jizzax viloyatlarida ham sezilarli o‘sish qayd etilgan. Shu bilan birga, ayrim hududlarda, jumladan Andijon, Sirdaryo va Xorazm viloyatlarida qisqa muddatli pasayishlar kuzatilgan.

Narxlar darajasi bo‘yicha Toshkent shahri yetakchiligicha qolmoqda. Poytaxtda ikkilamchi uy-joyning o‘rtacha qiymati bir kvadrat metr uchun 1100 dollardan oshgan. Samarqand viloyatida bu ko‘rsatkich 834 dollar, Toshkent viloyatida esa 682 dollarni tashkil etgan.

Eng past narxlar Qoraqalpog‘iston Respublikasida qayd etilib, u yerda bir kvadrat metrning o‘rtacha qiymati 378 dollar atrofida bo‘lgan. Qashqadaryo, Sirdaryo va Xorazm viloyatlarida ham uy-joy narxlari nisbatan pastligicha qolmoqda.

Tahlilda qayd etilishicha, Toshkent shahridagi bozor holati respublika miqyosidagi jarayonlarga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Poytaxtda ikkilamchi uy-joy narxlari yil davomida deyarli barqaror bo‘lib, o‘sish 0,6 foizni tashkil etgan. Birlamchi bozorda esa yangi qurilgan uy-joylarga talab yuqori bo‘lib qolmoqda.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *