Markaziy bank tijorat banklarining kredit shartnomalarida to‘lovlar kechiktirilganda qo‘llanilayotgan jarima va sanksiyalarni tahlil qildi. O‘rganishlar natijasida ayrim banklar amaliyoti adolat va mutanosiblik tamoyillariga zid ekani aniqlanib, ularga tegishli tushuntirish xatlari yuborildi.
Tahlil davomida ayrim banklarda kechiktirilgan to‘lovlar uchun hisoblanadigan foiz stavkalari shartnomada belgilangan yillik stavkaga nisbatan bir necha barobarga oshirilayotgani, ayrim holatlarda esa yillik 150–180 foizgacha yetayotgani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, kredit bo‘yicha foizlarni to‘lash kechiktirilganda eng yuqori chegarasi belgilanmagan kunlik penya hisoblanayotgani hamda kreditorning haqiqiy xarajatlari bilan bog‘liq bo‘lmagan qo‘shimcha bir martalik jarimalar qo‘llanilayotgani aniqlangan.
Bundan tashqari, ayrim holatlarda oshirilgan foiz stavkasi, penya va bir martalik jarima choralarining bir vaqtda qo‘llanilishi qayd etilgan. Natijada to‘lovni kechiktirish bilan bog‘liq umumiy qo‘shimcha xarajatlar kreditni o‘z vaqtida va vijdonan to‘lash qiymatidan bir necha barobar yuqori bo‘lib, qarz oluvchi uchun moliyaviy yuklama keskin ortmoqda.
Markaziy bank ta’kidlashicha, bunday yondashuv kechikishlarning oldini olishdan ko‘ra, banklar uchun to‘lov kechiktirilishidan foyda ko‘rish manfaatliroq bo‘lgan iqtisodiy modelni shakllantirmoqda. Bu esa kredit shartlarining shaffofligi va tushunarliligiga putur yetkazadi hamda qarz oluvchilarning moliyaviy majburiyatlarini oldindan to‘liq baholashiga to‘sqinlik qiladi.
Regulyator bunday amaliyotlar tomonlar manfaatlari muvozanatini buzishi, ijtimoiy xatarlarni kuchaytirishi, fuqarolar murojaatlari sonining oshishiga va bank tizimiga bo‘lgan ishonchning pasayishiga olib kelishini qayd etdi.
Shu munosabat bilan Markaziy bank tijorat banklariga kechiktirilgan majburiyatlar uchun qo‘llaniladigan sanksiyalar kompensatsion xarakterga ega bo‘lishi, qarz oluvchilar uchun to‘lovni kechiktirish oqibatlari aniq va oldindan tushunarli tarzda belgilanishi hamda kredit shartnomalarida javobgarlik choralarini adolat va mutanosiblik tamoyillari asosida belgilash zarurligini bildirdi.