Haftalik

Haftalik yangiliklar

O‘zbekistonda 2025-yilda YTH oqibatida 2188 kishi halok bo‘ldi

Kl

O‘zbekistonda 2025-yilda yo‘l-transport hodisalari oqibatida 2188 kishi vafot etdi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati axborot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, mazkur ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan (2199 kishi) biroz kamaygan. O‘tgan yil davomida 8901 kishi turli darajadagi tan jarohatlari olgan bo‘lib, bu 2024-yilga nisbatan 30 taga kam.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab har yili yo‘l-transport hodisalari oqibatida o‘rtacha 1,1 million kishi hayotdan ko‘z yumadi, qariyb 30 million kishi jarohatlanadi. Yo‘l-transport hodisalari 29 yoshgacha bo‘lganlar orasida o‘limning asosiy sabablaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, YTHlar nafaqat inson salomatligi va oilalar farovonligiga, balki iqtisodiyotga ham jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Jarohatlanganlarni davolash xarajatlari, shuningdek, o‘lim va nogironlik tufayli mehnatga layoqatli aholi qisqarishi yalpi ichki mahsulotning har yili o‘rtacha 3–5 foizga kamayishiga olib kelmoqda.

So‘nggi besh yil (2021–2025) tahliliga ko‘ra, yo‘l-transport hodisalari sonining kamayish tendensiyasi saqlanib qolgan. Bu holat aholi va transport vositalari soni sezilarli darajada oshganiga qaramay kuzatilmoqda. Jumladan, aholi soni 2021-yildagi 35,2 milliondan 2025-yilda 38,2 million nafarga yetgan, transport vositalari soni esa 3,8 milliondan 5,5 milliondan oshgan.

Shu bilan birga, o‘lim holatlari har 100 ming aholiga nisbatan 6,9 tadan 5,7 tagacha, har 10 ming transport vositasiga nisbatan esa 6,3 tadan 4,0 tagacha kamaygani qayd etilgan. Bu ko‘rsatkichlar yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar muayyan samara berayotganini ko‘rsatadi.

Ta’lim muassasalari atrofida va mahallalarda xavfsizlikni kuchaytirishga qaratilgan choralar natijasida bolalar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalari soni 2024-yilga nisbatan 171 taga (-9,6%), bolalar o‘limi esa 36 taga (-12,8%) kamaygan.

2024-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston MDH davlatlari orasida har 100 ming aholiga to‘g‘ri keladigan yo‘l-transport hodisalari soni bo‘yicha Ozarbayjondan keyin ikkinchi, o‘lim bilan bog‘liq hodisalar soni bo‘yicha esa birinchi o‘rinni egallagan.

Qayd etilishicha, yo‘l harakati xavfsizligi ko‘rsatkichlari xalqaro reytinglarni shakllantirishda muhim mezonlardan biri hisoblanadi. Shu bois YTHlar va o‘lim holatlarini kamaytirish masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan.

Ichki ishlar vazirligi va boshqa mas’ul idoralar yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash, yo‘l-transport hodisalari hamda ularning og‘ir oqibatlarini oldini olishga qaratilgan choralarni kuchaytirishda davom etmoqda.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *