Koreya Respublikasining DK Consultants kompaniyasi granti hisobidan O‘zbekistonga 100 ta tez tibbiy yordam avtomashinasi yetkazib beriladi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, yaqinda sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Farhodjon Toshpulatov boshchiligidagi delegatsiya Koreya Respublikasida xizmat safari bilan bo‘lib qaytgan. Safar doirasida delegatsiya a’zolari DK Consultants kompaniyasi mas’ullari bilan uchrashib, sog‘liqni saqlash sohasida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish hamda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qilgan.
Uchrashuv davomida O‘zbekistonda 103 tez tibbiy yordam xizmatini yanada takomillashtirish maqsadida kompaniya tomonidan ajratiladigan grant mablag‘lari hisobidan 100 ta tez tibbiy yordam avtomashinasini yetkazib berish bo‘yicha qiymati 7 million AQSH dollariga teng memorandum imzolandi.
Kelishuvga ko‘ra, ushbu transport vositalarini 2026-yilning birinchi yarmida xarid qilish rejalashtirilgan.
Shuningdek, muloqot chog‘ida Toshkent shahar 7-son klinik shifoxonasini davlat-xususiy sheriklik asosida boshqaruvga olish hamda Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida zamonaviy davolash binosini barpo etish bo‘yicha takliflar ham muhokama qilingan.