Ijtimoiy tarmoqlarda “Hududgazta’minot” AJ yirik qarzdorligiga qaramay, Yangi yil arafasida o‘ziga qimmat avtomobillar “sovg‘a” qilgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Mazkur xabarlarda jamiyat tomonidan 1 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ga ikki dona BYD ATTO 8, shuningdek, qariyb 400 million so‘mga BYD Song Plus rusumli avtomobillar xarid qilingani aytilib, tegishli hujjatlar ham ilova qilingan.
Ushbu holat yuzasidan “Hududgazta’minot” AJ rasmiy munosabat bildirdi. Jamiyat ta’kidlashicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Elektromobillar ishlab chiqarishni tashkil etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan korxonalarga elektromobil va gibrid avtomobillar xarid qilishga ruxsat etilgan.
Rasmiy izohda qayd etilishicha, ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida “Hududgazta’minot” AJda xizmat avtomobillarini bosqichma-bosqich ekologik toza, “yashil” transport vositalariga almashtirish jarayonlari olib borilmoqda.
Shu bilan birga, Majburiy ijro byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, material e’lon qilingan vaqtda “Hududgazta’minot” AJning umumiy qarzdorligi 575 milliard 134 million so‘mdan ortiqni tashkil etgan.