Haftalik

Haftalik yangiliklar

Aksilkorrupsiya agentligi Ozodbek Nazarbekovni to‘yda pul olgani uchun jazolashni taklif qildi

Li

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning to‘y marosimida qo‘shiq kuylab, mehmonlar qo‘lidan pul olayotgani aks etgan video tarqaldi. Ushbu tasvirlar jamoatchilik orasida turli bahslarga sabab bo‘ldi.

Mazkur holat yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Vazirlar Mahkamasiga murojaat qilib, davlat xizmatchilarining odob-axloq normalari buzilganini qayd etgan. Agentlik vazirga nisbatan intizomiy javobgarlik masalasini ko‘rib chiqish, shuningdek, unga qonunchilik talablariga qat’iy rioya etish zarurligi bo‘yicha rasmiy ogohlantirish berishni taklif qilgan.

Agentlikning ta’kidlashicha, amaldagi qonunchilikka muvofiq, davlat xizmatchilari pedagogik, ilmiy va ijodiy faoliyatdan tashqari boshqa haq to‘lanadigan faoliyat bilan shug‘ullanishi mumkin emas. Shuningdek, ular xizmatdan tashqari vaqtda ham davlat xizmatining obro‘siga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlardan tiyilishi lozim.

Madaniyat vazirligi ham mazkur holat yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi. Vazirlik matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, video vazirlik xodimlaridan birining to‘y marosimida olingan bo‘lib, vazir ushbu vaziyatni oldindan rejalashtirmagan.

Gazeta.uz’ga berilgan izohda qayd etilishicha, videoda vazirga muxlislar tomonidan pul uzatilgani aks etgan bo‘lsa-da, buni rad etish fuqarolarni omma oldida noqulay ahvolga solib qo‘yishi, kamsitish yoki mensimaslik sifatida noto‘g‘ri talqin qilinishi mumkinligi inobatga olingan.

Shuningdek, vazirlik to‘y marosimlarida san’atkorlarga pul berish amaldagi qonunchilikda taqiqlanmaganini ta’kidlab, ushbu holatni milliy urf-odatlarning bir qismi sifatida baholagan. Rasmiy munosabatda Ozodbek Nazarbekov nafaqat vazir, balki taniqli xonanda ekani, mazkur vaziyatni uning ijodiy faoliyati bilan bog‘liq holat sifatida ko‘rish lozimligi qayd etilgan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi esa davlat xizmatchilarining xulq-atvori va axloqiy mezonlariga rioya etilishi kelgusida ham qat’iy nazorat qilinishini ma’lum qilgan.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *