Buxoro viloyatida Telegram ijtimoiy tarmog‘ida nufuzli tashkilot rahbari nomidan ochilgan soxta akkaunt orqali firibgarlik holati aniqlandi.
Ma’lum qilinishicha, 2025-yil 28-dekabr kuni noma’lum shaxs Telegram’da viloyatdagi tashkilot rahbarlaridan birining nomi va fotosuratlaridan foydalangan holda soxta akkaunt ochgan. Ishonch uyg‘otish maqsadida o‘zini mansabdor shaxs sifatida tanishtirgan va bir qator korxona hamda muassasa rahbarlariga “xizmat topshirig‘i” mazmunidagi xabarlar yuborgan.
Shundan so‘ng, turli bahonalar bilan masalani tez hal qilish zarurligini aytib, pul mablag‘larini bank plastik karta orqali o‘tkazishni so‘ragan. Natijada tashkilot rahbarlaridan biri firibgarning so‘zlariga ishonib, uning kartasiga 8 million so‘m pul o‘tkazib bergan.
Holat yuzasidan ichki ishlar organlari tomonidan tezkor-qidiruv va surishtiruv tadbirlari o‘tkazilib, jinoyatni sodir etgan shaxs aniqlangan. U 1982-yilda Olot tumanida tug‘ilgan, muqaddam bir necha bor sudlangan, hozirda ishsiz bo‘lgan va Kogon tumanida yashovchi fuqaro ekani ma’lum bo‘ldi.
Gumonlanuvchi viloyat IIB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurash boshqarmasiga olib kelinib, u bilan tergov harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, uning boshqa shunga o‘xshash jinoyatlarga aloqadorligini aniqlash ishlari ham davom ettirilmoqda.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Dastlabki tergov harakatlari Buxoro viloyati IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan olib borilmoqda.