O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari hajmi 2026-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra 66,31 milliard dollarni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, so‘nggi bir oyda zaxiralar 5,08 milliard dollarga yoki 8,3 foizga oshgan. Yil boshidan buyon esa o‘sish 61 foizni tashkil etgan. Natijada mamlakat oltin-valyuta zaxiralari ketma-ket beshinchi oy rekord ko‘rsatkichni qayd etdi.
Zaxiralardagi oltinning qiymati ham yangi rekordni yangilab, 55,09 milliard dollarga yetgan. Bir oy davomida qimmatbaho metall qiymati 4,23 milliard dollardan ortiq oshgan. Oltinning fizik hajmi 12,6 million troy unsiyani tashkil etgan.
Valyuta zaxiralari 8,4 foizga ko‘payib, 10,64 milliard dollarga yetgan. Shundan xorijiy markaziy banklar va Xalqaro valyuta jamg‘armasidagi hisob raqamlarida 1,48 milliard dollar, xorijiy banklardagi mablag‘lar esa 7,63 milliard dollarni tashkil etgan.
Qimmatli qog‘ozlar qiymati 5,3 million dollarga oshib, 1,53 milliard dollarga yetgan. Shu bilan birga, ularning umumiy zaxiralardagi ulushi 2,31 foizgacha kamaygan.
Ma’lumot uchun, 2025-yil 1-noyabr holatiga ko‘ra O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari ilk bor 59,3 milliard dollardan oshgan, 1-dekabrda esa 61,23 milliard dollarga yetgan edi.
2025-yil oxirida jahon bozorlarida oltin narxi tarixda ilk bor bir troy unsiya uchun 4 500 dollardan yuqori darajaga ko‘tarilgan. Narxlarning o‘sishiga xavfsiz aktivlarga bo‘lgan talabning ortishi, AQSHda foiz stavkalari pasaytirilishi kutilayotgani, markaziy banklarning faol xaridlari hamda dollardan uzoqlashish jarayonlari ta’sir ko‘rsatgan. Bozor ishtirokchilari kelgusi yilda asosiy stavkalar kamida ikki marta pasaytirilishini kutmoqda.