Telegram va Instagram ijtimoiy tarmoqlarida Davlat bojxona qo‘mitasi nomidan soxta kanal va guruhlar tashkil etib, fuqarolarni aldash bilan shug‘ullangan jinoiy guruh fosh etildi. Bu haqda Toshkent viloyati IIBB matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent viloyati IIBBning Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida Telegram va Instagram’da “Musodara tovarlar” hamda “Optom sklad” nomlari ostida faoliyat yuritgan soxta sahifalar aniqlangan.
Dastlabki surishtiruvlarga ko‘ra, Andijon viloyatida yashovchi 22–25 yoshli 5 nafar shaxs joriy yil boshida oldindan til biriktirib, o‘zlarini bojxona tizimi xodimlari sifatida tanishtirgan. Ular “Bojxona qo‘mitasi admini”, “Ishonch siz bilan” kabi o‘nga yaqin soxta akkauntlar orqali maishiy texnika, elektronika buyumlari, mebellar, turli gadjetlar va hatto mavjud bo‘lmagan motoskutерlarni arzon narxlarda taklif qilib, fuqarolardan pul mablag‘larini qo‘lga kiritgan.
To‘lovlar asosan uchinchi shaxslar nomiga rasmiylashtirilgan bank kartalari orqali qabul qilingan. Natijada jinoiy guruh a’zolari 60 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, jami 117 million so‘m mablag‘ni firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirgan. Jabrlanuvchilar mahsulotni talab qilganida yoki qayta murojaat qilganida esa ularning akkauntlari bloklangan.
Mazkur holat yuzasidan gumonlanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” va “g” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Sud tomonidan ularga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda hamda yetkazilgan moddiy zararni qoplash choralari ko‘rilmoqda.