AQSH sobiq prezidenti Jo Bayden siyosatdagi uzoq yillik faoliyati tufayli mamlakat tarixida lavozimini tark etgan davlat rahbarlari orasida eng katta nafaqa olish huquqiga ega bo‘ldi. Uning yillik nafaqasi 417 ming dollarni tashkil etib, bu hatto prezidentlik davridagi 400 ming dollarlik maoshidan ham yuqori.
Bu haqda Milliy soliq to‘lovchilar ittifoqi fondi vitse-prezidenti Demian Bredi New York Post nashriga ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 83 yoshli Bayden sobiq prezident sifatidagi faoliyatining ilk yilidayoq bir vaqtning o‘zida ikkita pensiya jamg‘armasidan katta miqdorda to‘lovlar olgan bo‘lishi mumkin.
“Bunday miqdordagi nafaqa juda g‘ayrioddiy va tarixda deyarli uchramagan holat”, deya ta’kidladi Bredi. Uning aytishicha, Baydenning yillik pensiyasi boshqa barcha sobiq prezidentlarnikidan yuqori bo‘lib, hatto Barak Obama prezidentlikdan ketganidan keyin olgan pensiya to‘lovlaridan qariyb ikki baravar ko‘pdir.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, Baydenning yillik pensiyasi prezident sifatida olgan maoshidan 17 ming dollarga yuqori. Bu holat uning sobiq senator, vitse-prezident va prezident sifatidagi “o‘ziga xos siyosiy yo‘li” bilan izohlanmoqda. Aynan shu faoliyat unga davlat tomonidan moliyalashtiriladigan bir nechta pensiya tizimlaridan foydalanish imkonini bergan.
Bir paytlar o‘zini Kongressdagi “eng kambag‘al a’zolardan biri” deb atagan Bayden 1958 yilda qabul qilingan “Sobiq prezidentlar to‘g‘risida”gi qonun hamda sobiq senatorlar uchun mo‘ljallangan Fuqarolik xizmati pensiya tizimi (CSRS) doirasida bir vaqtning o‘zida to‘lovlar olish huquqiga ega.
CSRS tizimi bo‘yicha yillik pensiya miqdori Baydenning Senat va vitse-prezidentlikdagi jami 44 yillik faoliyati hamda eng yuqori uch yillik maoshi asosida hisoblanadi. Demian Bredining ta’kidlashicha, Baydenning boshlang‘ich senatorlik pensiyasi yiliga 166 374 dollargacha yetishi mumkin. Ushbu summaga turmush o‘rtog‘i uchun mo‘ljallangan 18 186 dollar ham kiradi.
Agar yillik to‘lovlar Baydenning eng yuqori maoshining 80 foizi bilan cheklanmaganida, u CSRS tizimi orqali yiliga 254 ming dollardan ortiq nafaqa olgan bo‘lardi. Bayden vitse-prezident va Senat raisi sifatida yiliga 230 700 dollar maosh olgan.
Senatorlik va vitse-prezidentlik pensiyasidan tashqari, Bayden prezidentlik pensiyasi sifatida ham yiliga 250 ming dollardan ortiq mablag‘ oladi. 1958 yilgi qonunga muvofiq, sobiq prezidentning pensiyasi hukumat vaziri, ya’ni kabinet a’zosi maoshiga teng bo‘lishi belgilangan. Hozirda bu miqdor 250 600 dollarni tashkil etadi.
Mazkur qonun sobiq prezident Garri Trumen lavozimni tark etgach, moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgani haqidagi jamoatchilik xavotirlari fonida qabul qilingan. Biroq bugungi kunda ko‘plab tarixchilar Trumen prezidentlikdan keyin aslida millioner bo‘lganini ta’kidlamoqda.
Shuningdek, “Sobiq prezidentlar to‘g‘risida”gi qonun lavozimini tark etgan prezidentlar uchun xodimlar, jihozlar va ofis maydonini soliq to‘lovchilar mablag‘i hisobidan ta’minlashni ham nazarda tutadi. 2026 moliya yilida Bayden uchun 1,5 million dollardan ortiq mablag‘ ajratish rejalashtirilgan. Shundan 727 ming dollari faqat ofis ijarasi uchun mo‘ljallangan bo‘lib, bu boshqa barcha sobiq prezidentlarga ajratilgan mablag‘dan ko‘proqdir.
“Ofis ijarasi uchun hech qanday cheklov yo‘q. Bu juda qimmat hududda joylashgan va katta maydonga ega bo‘lishi mumkin. Bularning barchasi soliq to‘lovchilar hisobidan va umrbod ta’minlanadi”, dedi Demian Bredi.
Baydenning vakillari New York Post nashrining mazkur masala yuzasidan izoh berish so‘roviga javob bermagan.